Joriy yilning 25-26-aprel kunlari Rossiya Federal soliq xizmati rahbari oʻrinbosari V.Kolesnikov boshchiligidagi delegatsiya Soliq qoʻmitasiga tashrif buyurdi.
Tashrifdan koʻzlangan maqsad – soliq solish maqsadlarida maʼlumotlar bazasidan foydalanish va ushbu jarayonlarni tartibga soluvchi qonunchilik normalari hamda boshqa masalalarda Oʻzbekiston tajribasi bilan tanishish.
Tashrif doirasida Soliq qoʻmitasi Raisining birinchi oʻrinbosari M.Mirzayev va V.Kolesnikov oʻrtasida ikki tomonlama kengaytirilgan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda amaldagi hamkorlik hamda yaqin kelajakdagi istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari qoʻmitada tashkil etilgan zamonaviy axborot-texnologiyalari va ilgʻor dasturiy taʼminotlar, xususan, Soliq maʼlumotlarini qayta ishlash markazi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Mehmonlar uchun Soliq qoʻmitasining soliq toʻlashdan boʻyin tovlash xavflarini nazorat qilish tizimi – CRM, “Avtokameral” dasturiy taʼminoti, jismoniy shaxsning shaxsga doir maʼlumotlari bazasi, shu jumladan, biometrik maʼlumotlarning yuritilishi, soliq hisobotlarini avtomatlashtirish boʻyicha taqdimotlar namoyish etildi.
Oʻz navbatida, mehmonlar tomonidan Rossiya Federal soliq xizmati tizimlari (“Shaffof biznes”, FIAS, RMSP, ZAGS, YERN) va Mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi dasturiy mahsullari toʻgʻrisida taqdimotlar qilindi.
Boʻlib oʻtgan uchrashuvlar yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada samarli tashkil etishga kelishib olindi.
Xalqaro soliq munosabatlari boshqarmasi